
Silk Avia yo‘lovchisi bortda chekkani uchun jarimaga tortildi
Hodisa 12-iyun kuni Toshkent — Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha parvoz vaqtida sodir bo‘lgan. 70 yoshli ayol samolyot hojatxonasida sigaret chekishni boshlagan. Tamaki mahsulotlari hidini sezgan bort kuzatuvchilari yo‘lovchiga samolyot bortida chekish qat’iyan taqiqlanganligini tushuntirishga harakat qilishgan. Bunga javoban ayol o'z noroziligini bildirgan.
Bort kuzatuvchilari vaziyat haqida samolyot komandiriga xabar berishgan va komandir Samarqandga yetib kelgach, huquq-tartibot xodimlarini chaqirishga qaror qilgan. Samolyot bortida tamaki mahsulotlarini istemol qilgani uchun yo'lovchiga nisbatan huquq tartibot organi xodimlari tomonidan 2 BXM miqdorida jarimani nazarda tutuvchi ma'muriy bayonnoma tuzilgan.
Eslatib o’tamiz, samolyot bortida chekish qat'iyan man etiladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 122-moddasi 2-qismi bilan tartibga solingan. Bundan tashqari, bortda chekish nafaqat boshqa yo'lovchilar uchun yoqimsiz, balki juda xavfli ekanligini ham tushunish lozim. Bu samolyotda havfli tutun chiqishi va yong'inga olib kelishi hamda avia halokatga olib kelishi mumkin.