Muhim va foydali
Bortda oʻzini tutish qoidalari
Bortda oʻzini tutish qoidalari
92-1-modda. Yo‘lovchining havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalari
O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 92-1-moddasiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 247-modda) muvofiq yo‘lovchi havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalariga rioya etishi, havo kemasi komandirining yoki ekipaj aʼzosining havo kemasi komandiri nomidan bergan parvoz va havo kemasi ichidagi odamlar xavfsizligini, mol-mulk but saqlanishini, tashish shartnomasini ijro etish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish tartibi va imkoniyatini taʼminlashga doir farmoyishlarini bajarishi shart.
Yo‘lovchining havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Avitasiya maʼmuriyati tomonidan o‘rnatiladi.
* O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 29-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2416.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
- yo‘lovchi — havo transportida tashish shartnomasiga muvofiq havo kemasida tashilayotgan yoki tashilishi lozim bo‘lgan shaxs;
- havo kemasi ekipaji — havo kemasi komandiri, uchuvchilar tarkibiga kiruvchi boshqa shaxslar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar.
2. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining tashuvchilari tomonidan tashiladigan barcha yo‘lovchilar uchun majburiydir.
II bob. Yo‘lovchining havo kemasi ichidagi yurish-turishi
3. Havo kemasi (bundan buyon matnda HK deb yuritiladi) ichida yo‘lovchi quyidagilarni bajarishga majburdir:
- mazkur Qoidalarni, HK komandirining yoki ekipaj aʼzosining havo kemasi komandiri nomidan bergan parvoz va HK ichidagi odamlar xavfsizligini, mol-mulk but saqlanishini, tashish shartnomasini ijro etish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish tartibi va imkoniyatini taʼminlashga doir farmoyishlarini bajarishga;
- HK sahnida uchish taloniga, shuningdek zarur bo‘lgan hollarda parvoz xavfsizligini taʼminlash maqsadida HK ekipaji aʼzolarining ko‘rsatmasiga muvofiq joylashishga;
- yuklarini maxsus ajratilgan joylarga joylashtirishga;
- “Kamarlarni taqish” tablosi yoqilishi bilan xavfsizlik kamarini taqishga va u o‘chmaguncha yechmaslikka.
4. Yo‘lovchi HK ichida quyidagilarni amalga oshirishi taqiqlanadi:
- giyohvand moddalarni, tamaki mahsulotlarini (nosvoy va boshqalarni ham) isteʼmol qilishi, shuningdek elektron sigaretlardan foydalanishi;
- tashuvchi tomonidan isteʼmol qilish uchun taklif qilingan belgilangan meʼyordan tashqari, shuningdek boj olinmaydigan savdo do‘konlaridan sotib olingan alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilishi;
- uchuvchilar kabinasiga kirishi;
- HK ekipaji aʼzolarining xizmat vazifalarini bajarishlarida ularga to‘sqinlik qilishi yoki ularning ishlariga aralashishi;
- HKning yurish, ko‘tarilish, va qo‘nish vaqtida elektron va aloqa vositalaridan foydalanishi, jumladan HK bortida turib fotosuratga va video tasvirga olishi; (4-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2016 yil 8 yanvardagi 67-N-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2416-1, 12.01.2016-y.) tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 2-son, 17-modda);
- HKning mol-mulkini (pledlar, yostiqlar, idish-tovoqlar, oshxona jihozlari, elektron vositalar, qutqarish nimchalari va boshqalarni) olib ketishi va shikastlashi;
- jamoat tartibini buzishi va zaruratsiz atrofdagilarni bezovta qilishi;
- HK ekipaji aʼzolarining tegishli ko‘rsatmalarisiz avariya-qutqaruv jihozlarini ishlatishi;
- HK ekipaji aʼzolarining ruxsati yoki ko‘rsatmalarisiz boshqa joylarga o‘tirishi.
5. HK ichidagi yurish-turish qoidalari yo‘lovchi tomonidan parvoz xavfsizligiga tahdid tug‘diradigan yoxud shaxslarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga va mol-mulkiga tahdid tug‘diradigan tarzda buzilsa, u bilan tuzilgan tashish shartnomasi tashuvchi tomonidan tashish yo‘nalishining istalgan manzilida bekor qilinishi mumkin.
III bob. Yo‘lovchining huquqlari
6. Yo‘lovchi HK ekipaji aʼzolaridan tashish shartnomasi shartlarida belgilangan xizmatlarning ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir.
7. Yo‘lovchi jamoat tartibini buzayotgan, o‘zini yoki boshqa shaxslarni zaruriyatsiz bezovta qilayotgan hamda shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, mol-mulkiga yoki sog‘lig‘iga yoxud hayotiga tahdid tug‘dirayotgan yo‘lovchiga taʼsir ko‘rsatish talabi bilan HK ekipaji aʼzolariga murojaat qilish, shuningdek xuddi shunday harakatlar qilayotgan HK ekipaji aʼzolari ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq yo‘lovchi boshqa huquqlarga ham egadir.
IV bob. Yakuniy qoidalar
8. Mazkur Qoidalar talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Qoʻl yuki va bagaj
Qoʻl yuki va bagaj
Qoʻl yuklarining oʻlchamlari.
Bir birlikdagi qoʻl yukining ruxsat etilgan maksimal oʻlchami:
• oʻlcham: balandligi 40 sm х uzunligi 30 sm х kengligi 20 sm dan ortiq boʻlmagan;
• ogʻirligi: 5 kg gacha.
Ushbu oʻlchamlar qoʻl yuki sifatida tashiladigan bagajning gʻildiraklari, tutqichlari va yon choʻntaklarini hisobga oladi. Qoʻl yuki 1 (donadan) ortiq sumkadan iborat boʻlgan taqdirda, tashuv uchun qabul qilish vaqtida mazkur sumka (dona)larning barchasi bir butun yuk sifatida hisobga olinishi lozim va ularning umumiy oʻlchamlari yigʻindisi 90 sm dan oshmasligi kerak.
Belgilangan bagaj normasiga qoʻshimcha ravishda, yoʻlovchi qoʻl yukida oʻzi bilan parvoz paytida zarur boʻlgan quyidagi narsalarni havo kemasi saloniga olib kirishi mumkin:
• ayollar sumkasi, erkaklar portfeli yoki qogʻozlar uchun papka;
• fotoapparat, videokamera;
• parvoz vaqtida oʻqish uchun bosma nashrlar;
• ogʻirligi 2 kg dan oshmaydigan portativ kompyuter;
• bola uchun oziq-ovqat va bolalar yoʻl belanchagi;
• soyabon yoki hassa;
• palto, plash yoki boshqa ustki kiyim;
• yopinchiq;
• qoʻltiqtayoqlar yoki boshqa harakatlanish vositalari, agar ular parvoz paytida yoʻlovchi uchun zarur boʻlsa.
Yoʻlovchilar uchun roʻyxatdan oʻtkaziladigan bagajning maksimal oʻlchami uch oʻlchov yigʻindisi boʻyicha 115sm dan oshmasligi talab etiladi.
Bagajni bepul oʻtkazish normasi maksimal ogʻirligi — 0/10/15/20kg (tanlangan tarifga qarab).
Katta oʻlchamdagi bagajni tashish uchun haq toʻlash uning haqiqiy ogʻirligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Bagaj va qoʻl yukida quyidagilarni tashish taqiqlanadi:
• Magnit materiallar;
• Karaxt qiluvchi taʼsirga ega boʻlgan qurilmalar;
• Radioaktiv moddalar;
• Zaharli va toksik moddalar, infeksion materialdan ishlangan qadoqlar / paketlar, simob, antifriz, tormoz suyuqligi va boshqalar;
• Siqilgan va suyultirilgan gazlar: propan va boshqalar, oʻzini himoya qilish uchun patronlar, zajigalkalar (soʻrilmaydigan suyuq yoqilgʻisiz, suyultirilgan gaz bundan mustasno, bir dona kichik zajigalkadan tashqari) va boshqalar;
• Tez oʻt oluvchi moddalar: aseton, benzin, gugurt (oʻzingiz bilan olingan kichik bir oʻram xavfsiz gugurtdan tashqari), boʻyoq solingan ballonlar va boshqalar;
• Yonuvchan qattiq moddalar: oʻz-oʻzidan oʻt olish xavfi boʻlgan yoki suv bilan oʻzaro aloqaga kirishganda tez oʻt oluvchi gazlar ajratuvchi moddalar va boshqalar;
• Yemiruvchi moddalar: simob, kislotalar, ishqorlar, organik peroksidlar va boshqalar;
• Portlovchi moddalar va ular bilan to‘ldirilgan buyumlar: porox, o‘q-dorilar, kapsulalar, detonatorlar, pirotexnika vositalari va boshqalar.
Qoʻl yukida quyidagilarni tashish taqiqlanadi:
• 100 ml dan ortiq sigʻimli idishlardagi suyuqliklar, gellar va aerozollar;
• Har qanday turdagi qurollar va ularga taqlidan ishlangan buyumlar;
• Teshuvchi va kesuvchi buyumlar: ochqich, qaychi, igna, bolta, lezviya, pichoq, qilich, xanjar va boshqalar;
• Zarb beruvchi qurollar: tayoqlar, har xil turdagi dubinkalar, qoʻl jangi vositalari va boshqalar;
• Ish qurollari: arra, dastgohlar, matkaplar, matkap uchlari va boshqalar.
Havo kemasi bortida qoʻl yuki tarkibida suyuqliklar , gellar va aerozollarni tashish qoidalari
Sigʻimga qoʻyiladigan talablar:
• Suyuqliklar, aerozollar va gellar uchun idishlar sigʻimi 100 ml dan oshmasligi kerak;
• Idishlar hajmi 1 litrdan ortiq boʻlmagan yopiladigan shaffof plastik paketlarga joylashtiriladi;
• Har bir yo‘lovchi oʻzi bilan faqat bitta paket olib ketishiga ruxsat etiladi;
• Paket koʻzdan kechirish uchun boshqa qoʻl yukidan alohida taqdim etilishi lozim.
Quyidagilarni tashish taqiqlangan:
• Ortiqcha to‘ldirilgan, ochiq holdagi paket;
• Oʻtkir buyumlar (masalan, qaychi va tirnoq fayllari);
• 100 ml dan ortiq sigʻimli idishlar, hatto ular qisman toʻldirilgan taqdirda ham.
Suyuqliklar, aerozollar va gellarning ruxsat etilgan turlari:
• Kiprik uchun tushlar, lab boʻyogʻi, gigiyenik lab boʻyoq va shunga oʻxshash tarkibli istalgan mahsulotlar;
• Kremlar, losyonlar, moylar, atir, sprey, gel, kosmetik va boshqa turdagi koʻpiklar, dezodorantlar, pastalar, shu jumladan tish pastasi;
• Suv va boshqa ichimliklar, shoʻrva, sharbat, jem, dimlangan goʻsht, qaylalar va pastalar, qaylali yeguliklar.
Istisno tariqasida tashishga ruxsat etilgan buyumlar:
• Dorilar;
• Bolalar ovqatlari;
• Parhez ovqatlar.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi va xalqaro shartnomalarga muvofiq aviakompaniya qatnovlarida javobgarlik cheklovlari qo‘llaniladi. Tashuvchi ro‘yxatdan o‘tkaziladigan yuk tarkibida bo‘lgan mo‘rt (yaroqsiz), qimmatbaho yoki tez buziladigan buyumlar uchun javobgar emas. Pul mablag‘lari, noutbuklar, hujjatlar va boshqa qimmatbaho buyumlar faqat qo‘l yuki sifatida tashilishi shart.
Shikastlanish, bagaj tarkibining yoʻqolgan qismi yoki yoʻqolgan bagaj bilan bogʻliq savollar yuzasidan uchib kelish aeroportidagi bagajni qidirish boʻlimiga murojaat qiling.
Aviatsiya xavfsizligi
Aviatsiya xavfsizligi
Xalqaro va mahalliy yoʻnalishlarda yo‘lovchilar, ularning qo‘l yuklari, bagajlarining aviatsiya xavfsizligi yuzasidan tekshiruvi parvozlar xavfsizligini ta’minlash, yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining hayoti va salomatligini saqlash, fuqaro HKlarining jinoyatchi elementlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan egallab olish hamda olib qochish va fuqaro aviatsiyasi faoliyatiga boshqa g‘ayriqonuniy aralashuv xatti-harakatlarining oldini olish, shuningdek, qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moslamalar, portlovchi, zaharli, tez o‘t oluvchi moddalar va boshqa xavfli yuklar noqonuniy tashilishining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston aeroportlarida aviatsiya xavfsizligini ta’minlash uchun kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Yo‘lovchi terminallariga kirishda barcha yo‘lovchilar va tashrif buyuruvchilar xavfsizlik nuqtai nazaridan tekshiruvning maxsus texnik vositalari yordamida aeroportning xavfsizlik xodimlari va militsiya tomonidan amalga oshiriluvchi qo‘shimcha nazoratdan o‘tishlari zarur.
Chiptalar ro‘yxatga olingandan keyin, Xalqaro yo‘nalishlarda esa bojxona, chegara va nazoratning boshqa turlaridan o‘tilgandan so‘ng yo‘lovchilar va ular qo‘l yuklarining parvoz oldi tekshiruvi o‘tkaziladi. Yo‘lovchilar, ularning qo‘l yuklari va yo‘lovchi o‘zi bilan olgan buyumlarining parvoz oldi nazorati tekshiruvning texnik va maxsus vositalarini qo‘llagan holda, qo‘l (kontaktli) metodi bilan o‘tkaziladi, shuningdek, tekshiruv shaxsiy (alohida) tartibda oʻtkazilishi ham mumkin. Parvoz oldi tekshiruvdan oʻtish va oʻz buyumlarini tekshiruv uchun taqdim etishdan bosh tortgan yoʻlovchi parvozga qoʻyilmaydi.
Yurak faoliyatini ragʻbatlantiruvchi qurilmalarga ega boʻlgan yoʻlovchilar texnik vositalardan foydalanmagan holda shaxsiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Xavfsizlik nazoratidan oʻtish
Xavfsizlik nazoratidan oʻtish vaqtida chipta, bortga chiqish taloni va yoʻlovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish lozim.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan taqdirda, barcha yo‘lovchilar, shu jumladan, diplomatik immunitetga ega yo‘lovchilar istisnosiz tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Begona shaxslardan bagaj, posilka, konvert va boshqa buyumlarni olish tavsiya etilmaydi, chunki ularning saqlanishi va ichidagi narsalar uchun javobgarlik yo‘lovchiga yuklanadi
Havo kemalari saloniga olib kirish taqiqlanadi:
· zajigalka va gugurt;
· tez oʻt oluvchi suyuqliklar;
· har qanday sanchiladigan va kesish buyumlari, qaychi, spitsa, sixlar, manikyur toʻplamlari va boshqalar.
Koʻrsatilgan predmetlar yoki moddalar yo‘lovchining qo‘l yukida topilgan va ularni bagajga topshirishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, mazkur predmetlar va moddalar belgilangan tartibda olib qo‘yiladi.
Qoʻl yukida olib oʻtiladigan radio, teleapparatura, audio va videotexnikalar, noutbuklar, planshetlar va mobil telefonlarni aviatsiya xavfsizligi nuqtai nazaridan tekshirish qoidalari
Elektron qurilmalarni aviatsiya xavfsizligi nuqtai nazaridan tekshirish Inspeksiya xizmati xodimlari tomonidan maxsus jihozlangan aeroport nazorati zonalarida, maxsus texnik vositalardan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga qoʻyiladigan talablar:
· Aviatsiya xavfsizligi tekshiruvi punktida yonida yoki qo‘l yukida elektron qurilmalari mavjud bo‘lgan yo‘lovchi yoki ekipaj a’zosi xavfsizlik xizmati xodimining talabiga ko‘ra elektron qurilmalarni yoqish orqali ularning yaroqliligini ko‘rsatishi hamda quvvatlantirish moslamalari va kassetalar oʻrnatiladigan joylarini koʻrsatishi shart;
· Elektron qurilmalarning quvvati boʻlmagan taqdirda, yo‘lovchi yoki ekipaj a’zosi ushbu qurilmalarni maxsus jihozlangan joyda tekshiruv xodimi ishtirokida yoqish va yaroqliligini tekshirish uchun zarur vaqtga qadar quvvatlantiradi;
· Agar elektron qurilma quvvatlantirilgandan keyin yoqilmasa, bunday elektron qurilma maxsus texnik vositalar yordamida qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkaziladi;
· Elektron qurilma ichida taqiqlangan predmet va moddalar mavjudligi aniqlansa, bunday qurilmalarning tekshiruvi toʻxtatiladi, elektron qurilma tegishli boʻlgan yoʻlovchi HK bortiga qoʻyilmaydi;
· Tekshirishdan yoki elektron qurilmalarini tekshiruv uchun taqdim etishdan boʻyin tovlagan yoʻlovchilar va ekipaj aʻzolari HK bortiga qoʻyilmaydi.
Shubhali buyumlar aniqlanganda
Terminal binosi yoki aeroport hovlisida egasiz buyum va predmetlarga duch kelsangiz, shuningdek, yoʻlovchilar hayotiga yoki aeroport xavfsizligiga tahdid soladigan maʼlumotlarga ega boʻlsangiz, bu haqida terminal maʼmuriyati yoki aeroport huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga xabar berishingizni soʻraymiz.
Shubhali predmetlarga teginish va joyidan qoʻzgʻatish, shubhali predmetlar yaqinida elektr-radiotexnika vositalari, uyali telefonlar, radiostansiyalardan foydalanish, mustaqil ravishda portlovchi qurilmalarni zararsizlantirish, olib tashlash yoki yo‘q qilish qat’iyan man etiladi.
Aviakompaniya va aeroport maʼmuriyati aviatsiya xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Roʻyxatdan oʻtish
Roʻyxatdan oʻtish
Oʻzbekiston aeroportlarida aviachiptalarni roʻyxatdan oʻtkazish va bagajni rasmiylashtirish 2 soat oldin boshlanadi. Roʻyxatdan oʻtish ichki reysning joʻnash vaqtidan 30 daqiqa oldin yopiladi.
Chiptalarni roʻyxatdan oʻtkazish va bagajni rasmiylashtirish aeroport terminallarida joylashgan roʻyxatdan oʻtish punktlarida amalga oshiriladi. Roʻyxatdan oʻtish uchun yoʻlovchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat, aviachipta (elektron yoki qogʻoz shaklida), shuningdek, bagaj va qoʻl yukini (agar mavjud boʻlsa) taqdim etishi lozim.
Shuningdek, yo‘lovchilar Silk Avia veb-sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari va bortga chiqish talonini o‘zlari chop etib olishlari mumkin.
Roʻyxatdan oʻtish yakunlanganidan soʻng, yoʻlovchiga bortga chiqish taloni va bagaj yorligʻi beriladi. Ular belgilangan aeroportda bagaj qabul qilib olinguniga qadar saqlab qoʻyilishi zarur.
Aviachiptalarni roʻyxatdan oʻtkazish va bagajni rasmiylashtirish jarayonidan oʻtgach, yoʻlovchi qoʻl yuki bilan birga aviatsiya xavfsizligi xodimlari tomonidan sertifikatlangan asbob-uskunalar yordamida amalga oshiriluvchi parvoz oldi tekshiruvdan oʻtishi lozim. Parvoz oldi tekshiruvidan o‘tish uchun yo‘lovchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ro‘yxatdan o‘tish vaqtida olingan bortga chiqish talonini ko‘rsatishi zarur.
Parvoz oldi tekshiruvidan oʻtgandan soʻng yoʻlovchilar samolyotga chiqish taklifini kutishga moʻljallangan kutish zaliga oʻtadilar. Kutish zalida yo‘lovchilar suvenir mahsulotlar doʻkonlari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
Roʻyxatdan oʻtish paytida olingan bortga chiqish talonini yoʻlovchi samolyotga chiqishda skanerlash uchun taqdim etadi.
Maxsus ehtiyojga ega bo'lgan yo'lovchilar uchun
Maxsus ehtiyojga ega bo'lgan yo'lovchilar uchun
• harakatlanish imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar avtomobillari uchun alohida to‘xtash joylari;
• maxsus zinapoya (yoʻlovchilarni yuqoriga olib chiqish / pastga tushirish uchun);
• nogironlar aravachalari;
• samolyot bortida harakatlanish uchun tor nogironlar aravachasi;
• terminalga kirishdagi pandus;
• yoʻlovchilar uchun maxsus hojatxonalar;
Terminalga kirish avtomatik eshiklar bilan jihozlangan kirish yoʻlagi orqali amalga oshiriladi. Eshiklarning avtomatik yopilishining kechikishi kamida 5 soniya davom etadi, binoga toʻsiqsiz oʻtish yoki kirishni taʼminlaydi. Parvozni kutish zallari harakatlanish imkoniyati cheklangan kishilar uchun xordiq chiqarish joylari bilan jihozlangan.
Uchib ketish / uchib kelish vaqtida, maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan, imkoniyati cheklangan yoʻlovchilarga yordam berish uchun masʼul aeroport xodimlari harakatlanishda, bagajni topshirishda / olishda yordam koʻrsatadi, shuningdek, uchib kelgan vaqtida yoʻlovchini mashinagacha kuzatib boradi.
Uchib ketishga tayyorgarlik koʻrishda albatta biz bilan bogʻlaning va qanday shakldagi yordam zarur boʻlishi mumkinligini aniqlashtiring. Harakatlanish imkoniyati cheklangan yoʻlovchilarni tashuvga qabul qilish toʻgʻrisidagi yakuniy qaror aviakompaniya tomonidan qabul qilinadi.
ATR72-600 samolyotining texnik xususiyatlari tufayli kompaniya bortga faqat WCHR yo‘lovchilarini qabul qilishi mumkin. Bu samolyotga yoki samolyotdan harakatlanayotganda nogironlar aravachasiga muhtoj bo'lgan, ammo zinapoyadan ko'tarilish/tushish va salondagi o'rindig'iga o'zi yurib bora oladigan yo'lovchidir.
Hayvonlar va o‘simliklarni tashish
Hayvonlar va o‘simliklarni tashish
— itlar, mushuklar, maymunlar, qushlar va konteyner (qafas) bilan birga vazni 8 kg dan oshmasligi kerak bo‘lgan boshqa kichik jonivorlar. Ushbu normadan oshgan taqdirda, hayvonlar havo kemasining bagaj qismida tashiladi.
— Ko‘r va kar yo‘lovchilarning yo‘lboshchi itlari uchun vazn va bagaj normasidan oshganlik uchun to‘lovlar bo‘yicha cheklovlar amal qilmaydi. Bunda hayvonlarda bo‘yinbog‘ va burundiq mavjud bo‘lishi hamda yo‘lovchi sog‘lig‘i haqida tegishli guvohnomani taqdim etishi shart.
Kuzatuvsiz bolalarni tashish qoidalari
Kuzatuvsiz bolalarni tashish qoidalari
Kuzatuvsiz bolalar (UM)
Ota-onasi yoki qonuniy vakillarisiz sayohat qilayotgan voyaga yetmagan yo‘lovchilar uchun kuzatuv xizmati (UM — Unaccompanied Minor) taqdim etiladi.
Yosh toifalari
- 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar kuzatuvsiz tashishga qabul qilinmaydi.
- 5 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mustaqil parvozda kuzatuv xizmati majburiy hisoblanadi.
- 16 yoshdan katta yo‘lovchilar amaldagi shaxsni tasdiqlovchi hujjat (ID-karta yoki xorijga chiqish pasporti) mavjud bo‘lsa, UM xizmatini rasmiylashtirmasdan mustaqil sayohat qilishlari mumkin.
- Xizmat aviachipta xarid qilish vaqtida yoki aviakompaniya kassalari orqali oldindan rasmiylashtiriladi.
- Reysda kuzatuvsiz bolalarni tashish uchun joylar soni cheklangan.
- Xizmatni rasmiylashtirishda quyidagilar taqdim etilishi kerak: bolaning hujjati, kuzatuvchi va kutib oluvchi shaxslarning aloqa ma’lumotlari, jo‘nab ketish/kelish mamlakati qonunchiligida nazarda tutilgan hujjatlar.
Jo‘nab ketish aeroportida
Kuzatuvchi shaxs quyidagilarga majbur:
- bolani reysga ro‘yxatdan o‘tkazish;
- havo kemasi amalda uchib ketguniga qadar aeroportda qolish;
- o‘zi bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjat olib yurish.
Aviakompaniya xodimlari bolani quyidagi bosqichlarda kuzatib boradi:
- ro‘yxatdan o‘tishda;
- parvozoldi rasmiyatchiliklaridan o‘tishda;
- bolani bort kuzatuvchilariga topshirilgunga qadar.
Parvoz vaqtida va yetib kelgandan so‘ng
Parvoz davomida bola bort ekipaji nazorati ostida bo‘ladi.
Qo‘ngandan so‘ng aviakompaniya xodimi bolani faqat xizmatni rasmiylashtirish vaqtida ko‘rsatilgan shaxsga, shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan keyin topshiradi.
Qo‘shimcha ma’lumot
Silk Avia aviakompaniyasi quyidagi hollarda kuzatuvsiz bolani tashishni rad etish huquqiga ega:
- zarur hujjatlar mavjud bo‘lmaganda;
- xizmatni rasmiylashtirish qoidalariga rioya qilinmaganda;
- tashish marshruti bo‘yicha kuzatuvni ta’minlash imkoni bo‘lmaganda.
Reys uchishidan kamida 2 soat oldin aeroportga yetib kelish tavsiya etiladi.
Sport anjomlarini tashish
Sport anjomlarini tashish
Sport anjomlari aviakompaniya bilan oldindan kelishilgan holda ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bagaj sifatida tashishga qabul qilinadi.
Sport anjomlariga quyidagilar kiradi:
- chang‘i va snoubord jihozlari;
- velosipedlar;
- golf uchun jihozlar;
- baliq ovlash anjomlari;
- xokkey, dayving va boshqa sport uskunalari.
Anjomlar tashish vaqtida saqlanishini ta’minlaydigan maxsus himoya g‘ilofi yoki qadoqda ishonchli tarzda joylashtirilgan bo‘lishi kerak.
Tashish bo‘yicha standart talablar:
- bitta joyning vazni — 20 kg gacha;
- o‘lchamlari — uchta o‘lcham yig‘indisi bo‘yicha 203 sm gacha (uzunlik + kenglik + balandlik).
Aviakompaniya sport anjomlarini tashish haqida oldindan xabardor qilishni tavsiya etadi, chunki reysdagi joylar soni cheklangan.
Homiladorlik davrida parvozlar
Homiladorlik davrida parvozlar
Aviakompaniyamiz reyslarida homilador ayollar homiladorlik davrida qarshi koʻrsatmalar va asoratlar boʻlmagan taqdirda, quyidagi shartlar va muddatlarda tashishga ruxsat beriladi:
| Homiladorlik muddati | Bitta bola kutilmoqda | Birdan ortiq bola kutilmoqda |
|---|---|---|
| 1–31-hafta | Parvozga ruxsat beriladi | Parvozga ruxsat beriladi |
| 32–35-hafta | Parvozga ruxsat beriladi | Tashishga ruxsat berilmaydi |
| 35-haftadan ortiq | Tashishga ruxsat berilmaydi | Tashishga ruxsat berilmaydi |
- Reysga roʻyxatdan oʻtishda homilador yoʻlovchi homiladorlik muddatini hamda homiladorlik bir homilali yoki koʻp homilali ekanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi shart.
- Homiladorlik muddati 28 hafta va undan ortiq boʻlgan homilador yoʻlovchilar roʻyxatdan oʻtish stoli oldida agentga yoki aviakompaniya vakiliga shifokor tomonidan imzolangan hamda parvozga qarshi koʻrsatmalar yoʻqligi haqida ishonchli ma'lumotlarni oʻz ichiga olgan amaldagi tibbiy hujjatni (ma'lumotnoma, tibbiy kitobcha, koʻrik va/yoki tekshiruv natijalari boʻyicha akusher-ginekolog xulosasi va h.k.) taqdim etishlari shart.
- Homiladorlik muddatini va parvozga qarshi koʻrsatmalar yoʻqligini tasdiqlovchi tibbiy hujjat taqdim etilmagan taqdirda, yoʻlovchi tegishli majburiyatnomani toʻldirishi va imzolashi kerak.
- Tibbiy hujjat chiptada koʻrsatilgan uchish sanasidan koʻpi bilan 7 kun oldin rasmiylashtirilgan boʻlishi lozim. Jadvalda koʻrsatilgan tashishga ruxsat berish muddatlaridan oshib ketgan taqdirda, homiladorlikning normal kechishi va asoratlar yoʻqligini tasdiqlovchi amaldagi tibbiy hujjatlar mavjud boʻlganda ham homilador ayollar «Silk Avia» reyslarida tashishga qabul qilinmaydi.
Kelajakdagi onalar uchun sayohat davomida oʻzlarini xavfsiz va qulay his qilishlariga yordam beradigan bir nechta maslahatlar:
- Homiladorlik paytida samolyotda sayohat qilish uchun eng maqbul vaqt ikkinchi trimestr, ya'ni 13-haftadan 28-haftagacha boʻlgan davr hisoblanadi. Agar parvoz homiladorlikning keyingi bosqichlarida rejalashtirilgan boʻlsa, boradigan manzilingizda qayerdan tibbiy yordam olishingiz mumkinligi haqida oldindan oʻylab qoʻying.
- Parvozdan oldin shifokoringizga murojaat qiling va parvoz vaqtidagi xulq-atvor boʻyicha tavsiyalar oling. Yodda tutingki, agar yoʻlovchining jismoniy holati uning xavfsizligiga xavf tugʻdirsa, ekipajning xizmat vazifalarini bajarishiga xalaqit bersa, shuningdek, reysni amalga oshirishda yoʻlovchining oʻzi va atrofidagilar uchun bartaraf etib boʻlmaydigan noqulayliklar va xavflarni keltirib chiqarsa, aviakompaniya uni tashishni rad etishi mumkin.
- Imkoni boricha, hamrohlaringiz bilan birga sayohat qiling.
Chaqaloqlarni tashishga qabul qilish
Sogʻlom chaqaloqlar kamida 7 kunlik yoshda tashishga qabul qilinadi. 7 kunlik yoshga yetmagan chaqaloqlar, shuningdek, inkubatorlarda / oʻpkani sun'iy shamollatish bokslarida tashiladigan bolalar «Silk Avia» reyslarida tashishga qabul qilinmaydi.