0 %

Miflar va haqiqat: “Silk Avia” hududiy samolyotlari aslida qanday parvoz qiladi?

6 June 2026

Ba'zida mintaqaviy samolyotlar yerda juda ko‘p vaqt o‘tkazadi va ulardan yetarlicha foydalanilmaydi, degan fikrlarni eshitib qolamiz.


Amalda bu qanday ishlashi haqida so‘zlab beramiz.


Bugungi kunda Silk Avia O‘zbekiston bo‘ylab 14 ta yo‘nalishda haftasiga 100 ga yaqin muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda va har kuni o‘rtacha 1500 ga yaqin yo‘lovchini tashimoqda.


Har bir ATR 72-600 samolyoti kuniga o‘rtacha 8 taga yaqin qatnovni amalga oshiradi, o‘rtacha kunlik parvoz vaqti esa 9 soatdan oshadi. Bu ushbu turdagi havo kemalaridan foydalanish bo‘yicha o‘rtacha jahon ko‘rsatkichlaridan yuqori. Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan qatnovlar hajmi bu ko‘rsatkichlarni obyektiv ravishda tasdiqlaydi: parvoz vaqti sezilarli darajada kam bo‘lgan holda haftasiga 100 ga yaqin muntazam qatnovni amalga oshirish imkonsiz bo‘lar edi.


Shuningdek, foydalanilayotgan havo kemalarining parvoz vaqti va butun aviapark, shu jumladan, rejali texnik xizmat ko‘rsatishda bo‘lgan samolyotlar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlarni farqlash muhimdir, chunki bunday hisob-kitoblar aviakompaniya faoliyatining turli jihatlarini aks ettiradi.


Mintaqaviy aviatsiya o‘ziga xos xususiyatlarga ega.


ATR 72-600 shaharlar o‘rtasida ko‘p sonli qisqa qatnovlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan bo'lib, dunyodagi eng keng tarqalgan mintaqaviy samolyotlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun uning ishlash samaradorligi havoda bo‘lish davomiyligi bilan emas, balki amalga oshirilgan qatnovlar soni, qatnovlarning muntazamligi va tashilgan yo‘lovchilar soni bilan belgilanadi. Aynan shunday havo kemalari tufayli klassik loukoster-tashuvlar modeli umuman qo‘llanilmaydigan joylarda hududlarning transport jihatidan o'zaro bog‘liqligi ta'minlanadi.


Qatnovlar oralig‘idagi vaqt ham ish jarayonining bir qismidir. Bu davrda texnik ko‘rik, yonilg‘i quyish, salonni tayyorlash, yuklarni ishlash va yo‘lovchilarni samolyotga chiqarish ishlari olib boriladi. Aynan ushbu jarayonlar har bir parvozning xavfsizligi va ishonchliligini ta'minlaydi.


Har bir raqam ortida odamlar - hududlar aholisi, talabalar, tadbirkorlar, sayyohlar va oilalar turibdi, ular uchun ichki aviaqatnovlar tezroq, arzonroq va qulayroq bo‘lishi ta'minlanmoqda.


Aynan shuning uchun Silk Avia mamlakat hududlarini xavfsiz va muntazam havo qatnovi bilan bog‘lab, yo‘nalishlar tarmog‘ini rivojlantirishda davom etmoqda.


Ro'yxatga qaytish