0 %

Silk Avia va ATR beshta ATR 72-600 samolyotini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi

Silk Avia va Franko-Italiya konserni ATR o'rtasida beshta yangi ATR 72-600 samolyotlarini, to'g'ridan-to'g'ri ishlab chiqaruvchidan uchta va  lizing beruvchidan ikkita, sotib olish bo'yicha shartnoma imzolandi. O‘zbekistonning birinchi mintaqaviy aviakompaniyasi uchun samolyotlar xarid qilish bo‘yicha kelishuv Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi arafasida Parijda imzolandi.

“Biz aviakompaniyamiz yaqin kelajakda ATR samolyotlarida parvoz qilishni boshlashidan juda mamnunmiz. Yangi arzon aviakompaniya sifatida biz qaysi samolyot biz uchun eng yaxshi yechim bo'lishini chuqur tahlil qildik. ATR 72-600 dunyodagi eng mashhur qisqa masofaga uchuvchi samolyotlardan biridir. A320 ga qaraganda to‘rt barobar kam yoqilg‘i sarflaydigan tejamkor va arzon samolyot yo‘lovchilarga hamyonbop narxlarda ishonchlilik va qulaylikni taklif qilish imkonini beradi”, — dedi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Parijdagi uchrashuv doirasida Silk Avia va ATR global texnik xizmat ko‘rsatish shartnomasini (GMA) ham imzoladi. Besh yillik, soatbay to'lov turini ko'zda tutuvchi shartnoma texnik xizmat ko'rsatish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi va ish unumdorligini oshiradi. Shartnoma texnik xizmat ko'rsatish va kapital ta'mirlash,  agregatlarni almashtirish, ehtiyot qismlar zaxirasi va texnik xizmat ko'rsatishni o'z ichiga oladi.

“O‘zbekistondek jadal rivojlanayotgan mamlakatda Silk Avia ichki turizmni va iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, mintaqaviy reyslarning 10 foizga oshishi mahalliy yalpi ichki mahsulotning 5 foizga o'sishiga olib kelishi mumkin va ATR ishonchli va arzon mintaqaviy samolyotlar bilan ta'minlash orqali ushbu jarayonga o'z hissasini qo'shmoqda. Biz Silk Avia kompaniyasini Markaziy Osiyoda ATR uchun yangi bozorni ochgan yangi hamkorimiz sifatida qutlaymiz”, — dedi ATR bosh direktori Natali Tarno Laud.

Shartnoma doirasida Silk Avia yangi avlod PW127XT dvigatellari bilan jihozlangan samolyotlarni xarid qilmoqda, bu esa mavjud dvigatellarga nisbatan texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlarini 20 foizga, yoqilg‘i sarfini esa 3 foizga qisqartirishni ta’minlaydi. Silk Avia samolyotlari Markaziy Osiyoda uchadigan birinchi yangi ATRlar bo‘ladi.

23 November 2022


Ro'yxatga qaytish